1896-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlari
From Wikipedia, the free encyclopedia
1896-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlari (grekcha: Θερινοί Ολυμπιακοί Αγώνες 1896) – rasmiy ravishda I Olimpiada oʻyinlari (grekcha: Αγώνες της 1ης Ολυμπιάδας), shuningdek, Afina 1896 (grekcha: Αθήνα 1896) nomlari bilan ataluvchi yangi tarixda oʻtkazilgan birinchi xalqaro Olimpiya oʻyinlari. Fransuz aristokrati Pierre de Coubertin tomonidan tuzilgan Xalqaro olimpiada qoʻmitasi (XOQ) tomonidan tashkil etilgan ushbu musobaqa 1896-yilning 6-aprelidan 15-apreliga qadar Gretsiyaning Afina shahrida boʻlib oʻtgan[2].
1896-yilgi yozgi Olimpiada oʻyinlari uchun rasmiy hisobot muqovasi | |
Mezbon shahar | Afina, Gretsiya |
---|---|
Millatlar | 14[note1] |
Atletlar | 241 (barchasi erkaklar)[note2] |
Musobaqalar | 9 ta sport boʻyicha 43 ta musobaqa |
Ochilish | 1896-yil 6-aprel |
Yopilish | 1896-yil 15-aprel |
Marosimini ochib beruvchi |
Qirol George I[1] |
Stadion | Panathenaic |
Parij → |
Birinchi Yozgi Olimpiada oʻyinlarida 14 davlatdan (XOQ maʼlumotlariga koʻra, ushbu raqam turlicha talqin qilinishi mumkin) jami 241 nafar sportchi (ilk Yozgi Olimpiada oʻyinlarida faqatgina erkak sportchilar ishtirok etishi mumkin boʻlgan; ushbu raqamlarning toʻgʻriligi borasida hanuzgacha bahs-munozaralar mavjud) ishtirok etgan[3][2]. Musobaqada ishtirok etgan sportchilarning barchasi yevropaliklar yoki Yevropada istiqomat qiluvchi boshqa qitʼa vakillari boʻlishgan (Amerika Qoʻshma Shtatlari jamoasi bundan mustasno). Olimpiadada ishtirokchilarning 65% dan ortigʻini yunonlar tashkil etgan. Musobaqa gʻoliblari oʻyin soʻngida kumush medal bilan, ikkinchi oʻrin egalari esa mis medallar bilan taqdirlanishgan. Keyinchalik, Xalqaro olimpiada qoʻmitasi tomonidan ushbu qoidalarga oʻzgartirish kiritilgan va birinchi oʻrin sohiblari uchun oltin, ikkinchi oʻrin uchun kumush hamda uchinchi oʻrin egalari uchun bronza medallari bilan taqdirlash joriy etilgan. Musobaqaga oʻz sportchilarini yuborgan jami 14 davlatdan 10 tasi birinchi Yozgi Olimpiada oʻyinlari gʻolib va sovrindorlari safidan joy egallagan. Musobaqa soʻngida Amerika Qoʻshma Shtatlari umumiy hisobda 11 ta kumush medal bilan peshqadamlikka erishgan boʻlsa, mezbon davlat vakillari jami 47 ta medal bilan musobaqaning eng koʻp sovrinlarini qoʻlga kiritgan jamoa sifatida eʼtirof etilgan. Yunonlar uchun ilk Olimpiya oʻyinlaridagi eng asosiy yutuq – gretsiyalik Spyridon Louis tomonidan marafon yugurishi gʻolibligining qoʻlga kiritilishi boʻlgan. Shuningdek, Olimpiadaning eng muvaffaqiyatli ishtirokchisi nomiga nemis yunon-rum kurashchisi va gimnastikachisi Carl Schuhmann sazovor boʻlib, u musobaqaning jami toʻrtta yoʻnalishi boʻyicha gʻolib sportchiga aylangan[4].
1896-yilgi Yozgi Olimpiya oʻyinlarini oʻtkazish masalasi 1894-yilning 23-iyunida Coubertin tomonidan Parijda tashkil etilgan kongressda bir ovozdan tasdiqlangan, shuningdek, Xalqaro olimpiada qoʻmitasi ham ilk bor mana shu kongress davomida tuzilgan, chunki Gretsiyada oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan musobaqa yangi tarixdagi ilk Olimpiya oʻyinlari edi. Olimpiadaning asosiy oʻyinlar oʻtkaziladigan binosi sifatida „Panathenaic“ stadioni tanlanib, u yerda yengil atletika va yunon-rum kurashi sport turlari boʻyicha bahslar boʻlib oʻtgan. Boshqa sport turlari, jumladan, velosport uchun „Neo Phaliron Velodrome“ inshooti hamda qilichbozlik uchun Zappeion sport inshootlari tanlangan. Musobaqaning ochilish marosimi 6-aprel kuni „Panathenaic“ stadionida boʻlib oʻtgan, unda ishtirok etuvchi sportchilarning aksariyati millatlar boʻyicha guruhlarga boʻlingan holda maydonga tushishgan. Tashkiliy qoʻmita prezidenti – valiahd shahzoda Constantinening nutqidan soʻng, uning otasi qirol George I Olimpiada oʻyinlarini rasman ochib bergan. Shundan keyin, toʻqqizta guruhga boʻlingan jami 150 nafar xor xonandalari shoir Kostis Palamas soʻzi va Spyridon Samaras musiqasi asosida yaratilgan Olimpiada madhiyasini ijro etishgan[5].
1896-yilgi Olimpiada oʻyinlari sport tarixida erishilgan eng katta muvaffaqiyatlardan biri sifatida baholanadi va unga qadar oʻtkazilgan barcha sport musobaqalari ichida eng nufuzlisi deya tan olinadi. „Panathenaic“ stadioni ushbu sport musobaqalarini tomosha qilish uchun kelgan eng koʻp tomoshabinni oʻzida jamlagan majmuaga aylandi[6]. Oʻyinlardan soʻng, Coubertin va Xalqaro olimpiada qoʻmitasiga bir qancha taniqli shaxslar, jumladan, Gretsiya qiroli George I va baʼzi amerikalik sportchilar bundan keyingi barcha Olimpiada oʻyinlarining Afinada oʻtkazilishini soʻrab murojaat qilishgan. Biroq navbatdagi, yaʼni 1900-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlarining Parijda oʻtkazilishi Xalqaro olimpiada qoʻmitasi tomonidan allaqachon rejalashtirilgan edi. Oradan 108 yil oʻtgach, 1906-yilgi navbatdan tashqari Yozgi Olimpiada oʻyinlaridan tashqari 2004-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlari yana qayta Gretsiyada oʻtkazilgan[7].