Amir Shohmurod
From Wikipedia, the free encyclopedia
Muhammad Shohmurod (Shohmurod, Shohmurodbiy, Amir Shohmurod, Amir Muhammad Shohmurod, Amiri Maʼsum) (1741-yil, Buxoro, Buxoro xonligi — 1800-yil 30-noyabr, Buxoro, Buxoro amirligi) — Buxoro amirligi hukmdori (1785—1800). Mangʻitlar oʻzbek sulolasining birinchi hukmdorlaridan biri va ushbu sulolaning birinchi amiri. Davlat arbobi va sarkarda. Buxoro xonligida qoʻshbegi lavozimida boʻlgan va turli viloyatlarda hokimlik qilgan.
Muhammad Shohmurod (Shohmurod, Shohmurodbiy, Amir Shohmurod, Amir Muhammad Shohmurod, Amiri Maʼsum) | |
---|---|
Muhammad Shohmurod | |
Buxoro amirligi hukmdori | |
Mansab davri 1785-yil 10-iyun – 1800-yil 30-noyabr | |
Oʻtmishdoshi | unvon taʻsis etilgan |
Vorisi | Amir Haydar |
Buxoro qoʻshbegisi | |
Mansab davri ? – 1785-yil 10-iyun | |
Bosh vazir | Muhammad Doniyol |
Monarx | Abulgʻozixon |
Oʻtmishdoshi | Davlat qoʻshbegi |
Vorisi | Sultonmurod qoʻshbegi (ukasi) |
Samarqand viloyati hokimi | |
Mansab davri 1771-yil – ? | |
Bosh vazir | Muhammad Doniyol |
Monarx | Abulgʻozixon |
Qarshi viloyati hokimi | |
Bosh vazir | Muhammad Doniyol |
Monarx | Abulgʻozixon |
Karmana viloyati hokimi | |
Bosh vazir | Muhammad Doniyol |
Monarx | Abulgʻozixon |
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Tavalludi |
1741-yil Buxoro, Buxoro xonligi |
Vafoti |
30-noyabr 1800-yil(1800-11-30) (59 yoshda) Buxoro, Buxoro amirligi |
Fuqaroligi |
Buxoro xonligi → Buxoro amirligi |
Turmush oʻrtogʻi |
|
Bolalari |
|
Otasi | Muhammad Doniyol |
Taʼlim | Mir Arab yoki Koʻkaldosh madrasasi |
Dini | Islom |
Dafn etilgan joyi |
Buxoro Joʻybor mavzesi Eshoni Imlo qabristoni |
Mangʻit namoyondalari orasida Shohmurod ham shaxs, ham arbob sifatida alohida oʻrin tutgan. Mangʻitlar oʻzbek sulolasi vakillari orasida eng nufuzli oʻrinni egallagan.
Amir Shohmurod taxtga chiqib 2 masalani hal etadi: Ashtarxoniylar oʻzbek sulolasining umri tugab, hokimiyat yangi oʻzbek sulolasi — Mangʻitlar qoʻliga oʻtganligini rasmiylashtiradi; Buxoro davlatini birlashtirish va markazlashtirish uchun kurashni davom ettiradi va otasi Doniyolbiy otaliq davrida joriy etilgan soliqlarni bekor qildiradi.
U hukmdor boʻlishiga qaramay oddiy turmush tarzini maʼqul bilar, oʻzi uchun kundalik xarajati bir tangadan oshmagan, yeb-ichishi oddiy boʻlgan, oʻz sharafiga turli dabdabali tadbirlar uyushtirishga yoʻl qoʻymagan. Shuning uchun ham zamondoshlari va kelgusi avlodlar tomonidan Amiri Kabir, Amiri Maʼsum[1] — Begunoh amir, Umari soniy — Ikkinchi Umar, Amiri Gʻoziy, Amiri Valiy, Jannatmakon[2][3] yoki Amiri Jannatmakon[4] kabi faxrli nomlar bilan atalgan[5][6].
Amir Shohmurod Buxoro amirligida 4 ta: moliya, sud, maʼmuriy va harbiy sohalarda islohotlarni amalga oshirgan. Davlat boshqaruvida adolatni bosh tamoyil qilib olib, shariat qoidalariga toʻgʻri kelmaydigan barcha soliqlarni bekor qildirgan. Uning davriga kelib amaldorlarning unvon va mansablari tartibga solingan. Koʻplab XVI—XVII asrlarga tegishli vaqf hujjatlarini qayta koʻchirtirgan; amaldagi yoki butunlay faoliyat koʻrsatmayotgan va yoʻqolgan vaqf hujjatlarini qayta ishga solgan.
Uning davriga kelib aholisi kamayib, qishloq darajasiga tushib qolgan Samarqand qayta qurilgan. Amir Shohmurod Samarqandni qayta qurish tarxini oʻzi chizgan. U shaharda 24 ta mavze qurdirib, davlatning sharqiy viloyatlaridan bu yerga koʻplab oilalarni koʻchirib keltirgan. Natijada, shahar gavjumlashib, iqtisodiy va madaniy ahvol ancha tiklangan. Hozirda Samarqand koʻchalaridan biri uning nomi bilan ataladi.
Amir Shohmurod oʻzidan oldingi hukmdorlar Arkda qurdirgan binolardan keraklilarini qoldirib, qolganini esa buzdirib, ulardan chiqqan qurilish materiallarini Buxoro shahri ichkarisi va tashqarisidagi masjidlarga ishlatgan. Marv yaqinida Islomobod shahrini qurdirgan.
Amir Shohmurod shaxsi ziddiyatli boʻlib, u haqida koʻpgina mualliflar turlicha fikr bildirishgan.