Abbosiy xalifalar roʻyxati
From Wikipedia, the free encyclopedia
Abbosiy xalifalar islom paygʻambari Muhammadning amakisi Abbos ibn Abdulmuttalib avlodidan boʻlgan Quraysh qabilasining Abbosiylar sulolasi vakillaridan islom xalifasi unvoniga ega boʻlganlar.
Ushbu oila 748—750-yillardagi Abbosiylar inqilobida Umaviylar xalifaligini agʻdarib, hokimiyat tepasiga kelgan. Sulola Abbosiylar xalifaligining hukmdorlari, shuningdek, 10-asrda shia Fotimiylar xalifaligi (909-yilda tashkil etilgan) va Qurtuba xalifaligi (929-yilda tashkil etilgan) ustuvorligiga qarshi chiqqaniga qadar Islomning umumeʼtirof etilgan ekumenik rahbarlari boʻlgan. Abbosiylarning siyosiy tanazzulga uchrashi Samarradagi anarxiya davrida (861—870) boshlangan hamda bu voqea musulmon dunyosining avtonom sulolalarga boʻlinishini tezlashtirgan edi. Xalifalar 936—946-yillarda oʻz hokimiyatlarini dastlab bir qator harbiy kuchlar, soʻngra Bagʻdodni qoʻlga olgan shia Buvayhiy amirlari hisobiga boy berdilar. 11-asr oʻrtalarida buvayhiylar oʻrniga sunniy saljuqiy turklar sulolasi ustuvorlikka erishgan va turk hukmdorlari oʻz hukmronliklari davrida „Sulton“ unvonini qabul qilishgan. Shunday qilib, Abbosiy xalifalari sunniy islomning umumeʼtirof etilgan syuzerinlari boʻlib qolishdi. 12-asr oʻrtalarida Abbosiylar saljuqiylardan mustaqillikka erishdilar, ammo Abbosiylar hokimiyatining tiklanish davri 1258-yilda moʻgʻullar Bagʻdodni tor-mor qilishi bilan yakunlandi.
Abbosiy xalifalarning koʻpchiligi „ummu al-valad“ (arabcha: ) degan statusga ega kanizak onadan tugʻilgan. Bu atama oʻz egasidan farzand koʻrgan choʻri ayolni anglatadi. Bu ayollar oʻzlarining goʻzalligi va aql-zakovati bilan mashhur edilar. Bu holatda mulkdor oʻz farzandlarining oʻzidan qonuniy ravishda erkin va toʻliq meros huquqiga ega boʻlish huquqini tan olishi va keyinchalik mazkur farzandlarning onalarini oldi-sotdi qilishdan voz kechishi mumkin edi[1]. Bu kanizaklar asosan Habashlar, armanlar, berberlar, Vizantiya yunonlari, turklar yoki hatto Sitsiliyadan edilar[2][3][4].